O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi muassisligidagi “Xalq ta’limi” ilmiy-metodik jurnali bugungi kunda uzluksiz ta’lim tizimiga kiruvchi ta’lim turlarining ilmiy, nazariy va metodik asoslarini, ularning amaliy tadbig’ini, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini, pedagogika va psixologiya sohasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlar natijalarini, mamlakatimiz va xorijiy ta’lim sohasidagi innovatsiyalarni yoritib, ta’lim muassasalari, pedagog mutaxassislar va ilmiy tadqiqotchilarga yetkazib kelmoqda.

Vazirlik muassisligidagi  “Xalq ta’limi”  ilmiy-metodik jurnali faoliyati rahbariyat topshiriqlari va ko’rsatmalariga asosan, tubdan o’zgartirildi, mazmun-mohiyati yangilandi.

Tahririyatga kelib tushayotgan fikr-mulohazalarga asoslanib, bugungi kunda jurnalimiz tizimda faoliyat ko’rsatayotgan pedagoglarning ish stolidagi asosiy manbaga aylandi va muntazam malaka oshirishga bevosita xizmat qilmoqda desak bo’ladi.

Jurnal 1918 yildan buyon nashr qilinayotgan bo’lib, u 96 yillik tarixga ega. Jurnal o’zbek va rus tillarida, har  ikki oyda 1 marta, 144 sahifa hajmida chop etiladi. O’zining ilmiy yo’nalishi bo’yicha jurnal pedagogika nazariyasi va tarixi, ta’limda menejment, ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi, maxsus pedagogika, ijtimoiy-gumanitar fanlarni o’qitish metodikasi, elektron ta’lim nazariyasi va metodikasi, aniq va tabiiy fanlarni o’qitish metodikasi, jismoniy tarbiya va sport mashg’ulotlari nazariyasi va metodikasi, kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi, psixologiya tarixi va nazariyasi, umumiy psixologiya, shaxs psixologiyasi, inson kasbiy faoliyati psixologiyasi, yosh va pedagogik psixologiya, rivojlanish psixologiyasi yo’nalishidagi pedagogika va psixologiya fanlariga ixtisoslashgan.

“Xalq ta’limi”  ilmiy-metodik jurnali faoliyati tanqidiy ko’rib chiqilishidan oldin, tahririyatga kelib tushgan maqolalarni tanlash imkoniyati mavjud bo’lmagan, maqolalarning sifat ko’rsatkichlariga yetarli darajada e’tibor berilmagan edi.

Uzluksiz ta’lim tizimi, bevosita xalq ta’limi tizimi muammolari inobatga olinib, jurnalimizda 30 ta rukn tashkil etildi. Jurnalimizning 2014 yil birinchi sonida 30 ta rukndan 9 tasida maqolalar e’lon qilingan bo’lsa, 2015 yil birinchi soniga kelib, 30 ta rukndan 26 tasi bo’yicha maqolalar e’lon qilindi. Bu o’z navbatida jurnalimizga nisbatan iste’molchilarimizning qiziqishi ortib borayotganligini ko’rsatadi.

Tahririyatga kelib tushgan 1500 dan ortiq maqolalardan, jurnalimiz sahifalarida 217 ta maqola e’lon qilindi.

Jurnalga taqdim etiladigan ilmiy-metodik maqolalar bo’yicha ichki va tashqi taqrizlar olinadi, sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan tahrirdan o’tkazilib, so’ngra nashrga ruhsat etiladi.

Jurnalning tahrir hay’ati tarkibi Xalq ta’limi vaziri tomonidan yo’nalishlar bo’yicha mas’ul mutaxassislar bilan shakllantirilgan. Hozirgi kunda tahririyat tarkibiga 11 nafar mutaxassis kiritilgan bo’lib, ularning 4 nafari fan doktorlari, 6 nafari fan nomzodlaridir. Jamoatchilik kengashiga 8 nafar sohalar bo’yicha yetakchi mutaxassislar kiritilgan.

Jurnalda chop etiladigan ilmiy-metodik maqolalarda o’zbek, rus, ingliz tilida annotatsiyalar, tayanch so’zlar va foydalanilgan asosiy adabiyotlar ro’yhati beriladi. Maqolalarning hajmi kamida 0,25 bosma taboq bo’lishi hamda maqolaga ichki va tashqi taqrizlar berilishi ta’minlangan.

Vazirlik muassisligidagi nashrlarning faoliyatini maqbullashtirish, hamda xalq ta’limi xodimlarining ilmiy-metodik va normativ hujjatlarga bo’lgan ehtiyojlari inobatga olinib, vazirlik buyrug’iga asosan “Xalq ta’limi” ilmiy-meodik jurnaliga ilova sifatida, uning mantiqiy, uzviy davomi bo’lgan  “Xalq ta’limi axborotnomasi” tashkil etildi.

“Xalq ta’limi” ilmiy-meodik jurnalining ilovasi “Xalq ta’limi axborotnomasi” 2015 yildan tashrga tayyorlanadi. Jurnal ilovasi o’zbek va rus tillarida, har  ikki oyda 1 marta, 7 bosma taboq, 112 sahifa hajmida chop etiladi.

Xalq ta’limi axborotnomasi” ning maqsadi – Xalq ta’limi tizimiga oid qonunlar, farmonlar, qarorlar va vazirlikning boshqa me’yoriy hujjatlarining mazmuni bilan pedagogik jamoatchilikni muntazam tanishtirib borish, sohada olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng yoritish, tizimga oid normativ-huquqiy hujjatlarning joylarda o’z vaqtida va sifatli ijro etilishi bo’yicha yo’riqnomalar hamda tavsiyalar berib borish, shuningdek, respublikamizning barcha ta’lim muassasalarida faoliyat ko’rsatayotgan pedagoglarga metodik xizmat ko’rsatishni yanada takomillashtirish, ta’lim-tarbiya ishidagi yangi shakl va uslublarni targ’ib qilish va eng ilg’or tajribalarni ommalashtirishdir.

“Xalq ta’limi” ilmiy-metodik jurnalining elektron pochtasi: xalq_talimi@xtv.uz.

Leave a Reply