Baxtiyor DANIYAROV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Respublikamiz mustaqillikka erishganidan so‘ng barcha sohalar kabi ta’limda ham ulkan islohotlar amalga oshirildi. “Ta’lim to‘g‘risida” hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi qonunlarning ijrosini ta’minlash borasida ta’limning barcha bosqichlari uchun Davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari yaratildi. Katta kuch va mablag‘ hisobidan ta’lim muassasalarining zamonaviy moddiy-texnika bazasi barpo etildi. O‘quvchilarni darslik bilan ta’minlashning ijara tizimi ishga tushirilib, maktab yoshidagi bolalarning barchasi darsliklarga ega bo‘lishdi.

Zamon taraqqiy etgan va o‘zgargan sari o‘zining talablarini ham har bir sohaga qo‘yib bormoqda. Mazkur o‘zgarishlarga mos ravishda o‘z ishini qayta tayyorlay oladigan, yangiliklarni o‘z hayotiga joriy qila oladigan kompetent pedagog-o‘qituvchini tarbiyalash va tayyorlash vazifasi xalq ta’limi tizimida ustuvor maqsadga aylangan. Shunga ko‘ra, amaliyotda qo‘llanilayotgan bilim, ko‘nikma va malakalarga asoslangan Davlat ta’lim standartlarini ham kompetensiyaviy yondashuv asosida qayta ko‘rib chiqish zaruriyati tug‘ildi.

Bu vazifa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yanada o‘z aksini topdi. Mazkur qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 8-maydagi “Uzluksiz ta’lim tizimining chet tillar bo‘yicha davlat ta’lim standartini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2013/2014 o‘quv yilidan boshlab 1-sinfdan chet tilini o‘rganish boshlandi. Hozirgi kunda respublikamiz umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1-3-sinflarida mazkur standart asosida mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida ta’limning barcha bosqichlarida chet tilini o‘qitishning asosiy maqsadi – o‘quvchilarda kommunikativ kompetensiyani shakllantirishdan iborat. Kommunikativ kompetensiya – bu o‘rganilayotgan chet tili bo‘yicha egallagan bilim, ko‘nikma va malakalarni muloqot jarayonida qo‘llay olish layoqatidir.

Chet tiliga oid umumiy kompetensiyalar 3 ta guruhga ajratilgan:

  1. 1. Lingvistik kompetensiya til materiali (fonetika, leksika, grammatika) haqida bilimlar va nutq faoliyati turlari (tinglash, gapirish, o‘qish va yozish) bo‘yicha ko‘nikmalarni egallashni nazarda tutadi.
  2. Sosiolingvistik kompetensiya – so‘zlovchining biror bir nutqiy vaziyat, kommunikativ maqsad va xohish-istagidan kelib chiqqan holda kerakli lingvistik shakl, ifoda usulini tanlash imkonini yaratadi. Sosiolingvistik kompetensiya ijtimoiy-madaniy kompetensiyani o‘z ichiga olib, autentik nutqning milliy xususiyatlarini: o‘zi yashayotgan mamlakatning urf-odatlari, qadriyatlari, marosimlari va boshqa milliy-madaniy xususiyatlarni bilish hamda tili o‘rganilayotgan mamlakat bilan taqqoslagan holda taqdim eta olish qobiliyatini ko‘zda tutadi.
  3. Pragmatik kompetensiya – o‘rganilayotgan chet tilida kommunikativ vaziyatda tushunmovchiliklar paydo bo‘lganda takroran so‘rash, uzr so‘rash, noverbal harakat (imo-ishora)lar va h.k.lar orqali murakkab vaziyatlardan chiqib keta olish qobiliyatini nazarda tutadi.

Boshlang‘ich sinflar o‘quvchilarida pragmatik kompetensiyani shakllantirishda o‘quvchilarning zukkoliklaridan samarali foydalangan holda ularga berilgan savollarga o‘quvchilar erkin javob berishlari, agar savol tushunarli bo‘lmasa (notanish mavzuda murakkab gap va boshq.), “Sorry” degan holda o‘zlari bilgan ma’lumotlarni, she’rlarni aytib berishlari va noqulay vaziyatdan chiqib keta olishlari mumkinligini tushuntirish lozim.

Dunyoning rivojlangan davlatlari hamda mamlakatimizda uzluksiz ta’lim tizimining chet tillari bo‘yicha davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish tajribasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining 2013-yil 4-iyundagi “Umumta’lim fanlari bo‘yicha uzluksiz ta’limning Davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi. Unga asosan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qitiladigan 18 ta umumta’lim fanlari bo‘yicha rivojlangan davlatlarning ta’lim standartlarini o‘rganish natijalaridan hamda mamlakatimizda xorijiy tillardan uzluksiz ta’lim tizimining Davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish tajribasidan kelib chiqib, kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan umumta’lim fanlari bo‘yicha uzluksiz ta’limning Davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari loyihalari tayyorlandi.

Kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan standart va o‘quv dasturlari o‘quvchilarda egallagan bilimlarni hayotda qo‘llay olish, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lish, o‘z huquq va majburiyatlarini chuqur anglash, mamlakat kelajagi yo‘lidagi mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish, ongli ravishda kasb-hunar tanlash, axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda mustaqil ta’lim olish kabi ko‘nikmalar rivojlantiriladi.

Mazkur DTS va o‘quv dasturlari loyihalari respublikamiz viloyatlaridagi tajriba-sinov maydonchalarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu tajriba-sinov natijalari asosida o‘quvchilarda shakllantirilishi zarur bo‘lgan quyidagi kompetensiyalar belgilab olindi:

  1. Tayanch kompetensiyalar;
  2. Fanga oid umumiy kompetensiyalar.

Tayanch kompetensiyalar – insonning shaxs sifatida shakllanishi, kundalik hayotida muvaffaqiyatli hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan layoqatlar, qobiliyatlar, ko‘nikma va malakalardan iboratdir. Ular hozirgi kunda tadqiqot natijalariga ko‘ra oltita deb olingan.

  1. Kommunikativ kompetensiya;
  2. Axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi;
  3. Shaxs sifatida o‘z-o‘zini rivojlantirish kompetensiyasi;
  4. Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi;
  5. Milliy va umummadaniy kompetensiyalar;
  6. Matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetens

Bundan tashqari, ta’limda har bir o‘quv fanini o‘zlashtirish jarayonida o‘quvchilarda shu fanning o‘ziga xosligi va mazmunidan kelib chiqib, sohaga tegishli fanga oid umumiy kompetensiyalar shakllantiriladi.

Bugungi kunda biror bir o‘quv faniga oid umumiy va aniq kompetensiyalar miqdori nechta bo‘lishi kerak, degan savolga ilmiy tadqiqotchilar orasida yakdillik mavjud emas. Mazkur masala bo‘yicha har tomonlama tadqiqotlar amalga oshirilishi talab etiladi.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda bugungi kunda olimlar, metodistlar va tajriba-sinov olib borayotgan fan o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh kompetensiyalarni shakllantirishda o‘zaro bir xil atamalarni tanlab olishi, shakllantirish uchun maqbul usul va metodlarni kelishib olishlari zarur. Jumladan, ko‘pgina maqolalar va qo‘llanmalarda “kompetensiyaviy yondashuv” so‘zini “kompetensiyaviy yondoshuv” deb, noto‘g‘ri nomlab kelmoqdalar. Bundan tashqari, “Fanga oid umumiy kompetensiyalar”ni ayrimlar “Xususiy kompetensiyalar” deb nomlab, uning ma’nosini buzmoqdalar.

Ma’lumki, maktab o‘quv predmetlari orqali o‘quvchilarga atrofimizdagi olam o‘rgatiladi. Olam esa yagona bo‘lib, uni tashkil etuvchi narsa va hodisalar bir-biri bilan chambarchas bog‘langandir. Shunga ko‘ra, uni o‘rganuvchi predmetlar ham o‘zaro bog‘liq holda o‘qitilishi kerak. 6-sinf fizika kursida o‘rganiladigan ko‘pgina mavzular keyingi 7-sinfda o‘rganiladigan kimyo kursi mavzularini tushunib olishga imkon beradi. Fizika darslarida olingan bilimlar ko‘pchilik mashina va mexanizmlarning ishlash tamoyilini anglab yetishga, mehnat darslarida asboblar va dastgohlar bilan ishlashda qo‘l keladi. Biologik jarayonlarda ham fizikaviy hodisalar muhim ahamiyat kasb etadi. Fizika fanining o‘zini ham muvaffaqiyatli o‘rganish uchun matematika fanini bilish kerak bo‘ladi. Shu bois fanlararo bog‘lanishni amalga oshirish uchun turdosh fanlarning o‘qituvchilari bahamjihatlik bilan ishlashlari zarur bo‘ladi. Fanlararo aloqani amalga oshirishda quyidagi asosiy yo‘nalishlarni ajratib ko‘rsatish mumkin:

  • bir nechta o‘quv fanlariga tegishli bo‘lgan umumiy tushunchalar, atamalar va ta’riflarni bir xil qilib tanlash va tushuntirish;
  • turdosh o‘quv predmetlarida o‘rganiladigan savollarni takroran o‘rganmasdan bittasida mukammal o‘rgatish;
  • bir o‘quv fani uchun zarur bo‘lgan, lekin boshqa o‘quv fanida o‘rganiladigan tushunchalarni o‘rganishda vaqt jihatidan ketma-ketlikni to‘g‘ri tanlash;
  • o‘quvchilarda ilmiy tushunchalarni rivojlantirishda va umumlashgan ko‘nikma va malakalarni shakllantirishda uzviylikni ta’minlash;
  • umumiy tushunchalar, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishda yagona yondashuvni amalga oshirish;
  • turli fanlardan olib boriladigan ilmiy tadqiqotlarda usullarning umumiyligini ko‘rsatish;
  • turli fanlar (fizika, kimyo, biologiya, geografiya va h.k.)da o‘rganiladigan hodisalarning o‘zaro bog‘liq ekanligini ko‘rsatish zarur.

Bundan tashqari, pedagoglar bilan o‘tkazilayotgan suhbatlarda ko‘pgina atamalarning yozilishi va talaffuzi turlicha bo‘layotganligi va bu borada tabiiy va aniq fanlarga oid atamalarni aniq bir tizimga keltirish zarurligi haqida fikr bildirlmoqda. Masalan, fizika fanidagi “Boltsman doimiysi” so‘zi, lotin alifbosiga asoslangan kitobda Bolsman doimiysi deb yozilgan. Holbuki, olimning nomi L.Boltzmann. Oldinlari atalib kelingan молекуляр, капилляр, моляр, скаляр kabi so‘zlar nima sababdan lotin alifbosida molekular, kapillar, molar, skalar deb yozilmoqda. Ularning talaffuzi umuman bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Ulardan ayrimlari o‘zbek tilining kirill va lotin alifbosidagi imlo lug‘atiga ham kiritilmagan.

Shuningdek, ta’kidlash joizki, hozirgi kunda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarda, bir qator fundamental va amaliy loyihalarda, jumladan, “Umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘quvchilarning kompetensiyalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalari” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida chop etilgan metodik qo‘llanmada tadqiqotning ilmiylik prinsipi qo‘pol tarzda buzilgan.

Mazkur qo‘llanmada D.I.Ivanovning “Компетентности и компетентностный подход в современном образовании” kitobidan foydalanilgan. Lekin olimning familiyasi e’tiborsizlik bilan D.I.Ivanova tarzida yozilgan. Xorijlik olimlarning ism-shariflari noto‘g‘ri ko‘chirilgan. Masalan, Delorf – Delor tarzda yozilgan.

Ushbu loyiha doirasida chop etilgan metodik qo‘llanmada olimlar va mutaxassislarning foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatida mavjud bo‘lgan ism-shariflari va ularning ishlari matnda uchramaydi, qo‘llanma matnida mavjud bo‘lgan olimlar va ularning ishlari to‘g‘risida ma’lumot foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatida ko‘rsatilmagan.

Yuqoridagilarni hisobga olib, kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan Davlat ta’lim standartlarini sinovdan o‘tkazish jarayonida tabiiy fanlar bo‘yicha mutaxassislar ona tili fani mutaxassislari bilan birgalikda metodik kengashlar o‘tkazib, fanlarga oid atamalarni to‘g‘ri yozish, talaffuz qilishni kelishib olishlari va birgalikda fanlararo kompetensiyalarni shakllantirishlari lozim bo‘ladi.

Oldimizda turgan navbatdagi vazifa – kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan ta’limni amaliyotga samarali joriy etish hamda bu borada keng pedagogik jamoatchilik o‘rtasida tushuntirish ishlarini amalga oshirish.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni. Barkamol avlod – O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori. – T.: Sharq, 1997.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Kadrlar tayyorlash milliy dasturi. Barkamol avlod – O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori. – T.: Sharq, 1997.
  3. Daniyarov B.X. Innovatsion texnologiyalar asosida ta’lim jarayonlari sifat va samaradorligini oshirish. Monografiya. – T.: Sano-standart, 2014.

Leave a Reply