Maqolada ta’lim-tarbiya jarayonini takomillashtirishda pedagogning o‘rni va zamon talabiga mos sifatlarni shakllantirilishidagi muammolar va ularning yechimlari yoritilgan. Shuningdek, muallif o‘qituvchi kasbiy mahoratini oshirishdagi tashqi omillardan tashqari ichki intilish, o‘zini boshqarish, baholash, tahlil qilish va natijalarga ko‘ra ishni rejalashtirish qobiliyatlarini o‘stirish muhim o‘rin tutishini asoslab bergan.

Kalit so‘zlar. Pedagog kadrlar, strategik maqsad,  tashqi va ichki omillar, ichki intilish, o‘z-o‘zini boshqarish, o‘z-o‘zini baholash, kasbiy mahoratni oshirish.

В статье рассматривается роль учителя в организации учебно-воспитательного процесса. Также показана необходимость самооценки труда учителя, умения анализировать свою работу, правильно планировать стратегию работы, учитывая внутренние и внешние факторы, добиваясь тем самым высокого уровня профессионального мастерства.

Ключевые слова. Педагогические кадры, стратегическая цель, внутренние и внешние факторы, стремление, самоуправление, самооценка, усовершенствование профессиональных навыков.

 The article deals with the problem of teacher’s place and role in the improvement of educational process. The author describes the role of internal and external factors as well as the importance of inner strive, self-governing, self – assessment in improving professional skills of teachers.

Key words. Рedagogical personnel, strategic aims, internal and external factors, inner strive, self-governing, self – assessment, improving professional skills.


Bugungi kunda kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida  zamonaviy ta’lim tizimi tobora murakkablashib bormoqda, shitob bilan o‘zgarib borayotgan olamda o‘ziga nisbatan qo‘yilayotgan talablar asosida faoliyat ko‘rsatishga to‘g‘ri kelmoqda.

Ayni paytda kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida sifat o‘zgarishlari uchun imkoniyat yaratuvchi pedagogik yangiliklar paydo bo‘lmoqda. Bularning barchasi kadrlarni qayta tayyorlash va  malakasini oshirish tizimini va uning asosiy tarkibiy qismi sifatiga e’tibor qaratish masalalarini murakkablashuviga olib keladi hamda ularni hal qilishning yangi, ilmiy asoslangan usullariga ehtiyoj tug‘iladi.

Ta’limning qadriyatlilik xususiyatini uch xil turli – davlat, jamiyat va shaxs nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Mazkur qadriyatlilik xususiyatini aniq chegaralashni faqat “ta’limdan kim nimani xohlashi yoki nimani kutishi”ni belgilashi, balki, ta’limni strategik rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatmalarini shakllantirishga ham imkon beradi.

Strategik maqsadlarni qo‘yish  ta’limning davlat, ijtimoiy va shaxsiy qadriyat ekanligini aniq va ravshan belgilanganligi jihatidan milliy model xalqaro nazariya va amaliyotda bebaho hisoblanadi.

Milliy modelda kadrlar tayyorlash va ta’lim tizimi rivojlanib boruvchi, dinamik jarayon sifatida berilgan. Insoniyat taraqqiyotining ma’lum bir bosqichida paydo bo‘lgan ta’lim keyinchalik shakli va tashkil etilishi hamda ma’nosi jihatidan doimiy o‘zgarishlarga uchrab keldi. Bunday hodisalarni yuzaga keltiruvchi sabablarning aniqlanishi ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish imkonini beradi.

Kadrlar tayyorlash va ta’lim tizimining hamda ularning amal qilishiga ta’sir ko‘rsatuvchi tuzilmasi va mazmunidagi o‘zgarishlarni ana shu tizimlarni isloh qilish hamda rivojlantirish jarayonida o‘rganish imkoniyatlari yuzaga keladi.

Ta’lim-tarbiya jarayonini takomillashtirishni pedagogsiz tasavvur etish mumkin emas. O‘qituvchi-amaliyotchilarning malaka oshirish tizimini  takomillashtirishda ta’limiy  hamda ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarning o‘rni beqiyos. Bunda tanlangan mavzuning dolzarbliligi quyidagi omillarga asoslanadi:

  1. Zamon talablaridan kelib chiqqan holda o‘qituvchi-amaliyotchilarning malakalarini aksiologik ta’limot asosida takomillashtirishni nazariy asoslari hamda me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish.
  2. O‘qituvchilar uchun umuminsoniy hamda milliy qadriyatlar asosida tayyorlangan, zamonaviy talablarga javob beradigan dastur va qo‘llanmalar yaratish.
  3. O‘qituvchilarning malakasini oshirish yuzasidan fundamental tadqiqotlar olib borish.
  4. Malaka oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar, darsliklar, tavsiyanomalar ishlab chiqish.

Uzluksiz tarzda davom etadigan takomillashuv jarayonining samarali kechishi ma’lum darajada amaliyotchi-o‘qituvchilarning ta’lim-tarbiyasi mazmuni va metodikasiga bog‘liq.

Aksariyat amaliyotchi-o‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarlik darajasi ularning bilim, ko‘nikma va malakalarining me’yoriy hujjatlarda belgilangan  mezonlarga javob bera olmasligi pedagog kadrlarni tayyorlash va ularning  malakasini oshirish tizimi oldidagi asosiy muammodir. Mazkur muammolarning sababini o‘rganish natijasida quyidagilar aniqlandi:

– o‘qituvchilarda mustaqil fikrlash ko‘nikma va malakasining yetarli darajada rivojlanmaganligi; ularning turli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilaolmasliklari, o‘z imkoniyatlarini yetarli baholay olmasliklari va o‘z kuchiga ishonmasligi;

– kasbiy faoliyat ko‘nikmalarining talab darajasida shakllanmaganligi;

– ko‘p xollarda o‘qituvchilarning xohish-istaklari, ehtiyoj va qiziqishlarining inobatga olinmaganligi, ularning amaliy faoliyatga yo‘naltirilmaganligi;

– o‘quv jarayonining saviyasi nazariy va amaliy bilimlarning o‘rtacha ko‘rsatkichlari bilan baholanishi.

Mutaxassislik qobiliyatlarini aniqlash pedagogik faoliyatning muvaffaqiyatli tashkil etishi va yanada rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi. Ular shaxs rivojlanishining natijalari bo‘lib, ma’lum pedagogik faoliyatni tashkil etish jarayonida kuzatiladi. Amaliyotchi-o‘qituvchilar pedagogik usul va uslublarni mustahkam, egallab olishlari kerak. Shu bilan birga muayyan qobiliyatning o‘zi turli pedagogik faoliyatlarning asosiy sharti bo‘lishi mumkin. Ularning qobiliyatlari o‘zida individual xususiyatlarini namoyon etadi.

     Muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qobiliyatlar sirasiga quyidagilar kiradi:

– pedagogik sezgirlik, oldindan ko‘ra bilish, pedagogik taxmin qilish;

– faol ijtimoiy-pedagogik faoliyatni tashkil etish;

– “Men” konsepsiyasini qadriyat sifatida tan olish va unga ongli munosabatda bo‘lish;

– shaxsiy  va kasbiy o‘z-o‘zini takomillashtirish talabi.

Pedagogik ta’limning asosiy qadriyat sifatida o‘qituvchi shaxsi, uning shakllanishi, rivojlanishi va takomillashuviga sabab bo‘luvchi omillar e’tirof etiladi.

Pedagog kadrlarni tayyorlash jarayonida Kadrlar tayyorlash milliy dasturida o‘z ifodasini topgan ta’limiy qadriyatlardan yana biri – sababiylik omili va unga yangicha yondashuv hisoblanadi. Amaliyotchi-o‘qituvchiga pedagogik kasbning ijtimoiy ahamiyatini tushuntirish, shuningdek, uning shaxsiy va kasbiy imkoniyatlariga ishonchini mustahkamlash zarurdir.

Zamonaviy pedagog kadrlarni tayyorlash shaxsiy-kasbiy xususiyatga ega bo‘lgan quyidagi ta’limiy qadriyatlarni alohida qayd etish maqsadga muvofiqdir:

– o‘zini boshqarish, kuzatish, nazorat qilish, aniqlash, baholash va o‘z-o‘ziga hisobot berish;

– pedagogik faoliyatning individual xususiyatini namoyon eta olishi;

– bo‘lajak o‘qituvchining o‘zi haqidagi tasavvurlari tizimi bo‘lgan “Men” konsepsiyasi.

 “Men” konsepsiyasi individual xususiyatga ega. Individuallik –insonning boshqalardan ijtimoiy farqi, ruhiyati shaxsining o‘ziga xosligi, uning takrorlanmasligidir.

Hozirda  o‘qituvchi zamonaviy shaxs sifatida faoliyat ko‘rsatishi uchun malaka oshirish tizimida qanday ishlarni amalga oshirish  kerak, degan savolga shunday javob berish mumkin.

Bugun malaka oshirish tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan professor- o‘qituvchilar zamonaviy ustoz sifatida quyidagi tavsiflarga ega bo‘lishlari kerak:

– borliqni samarali qabul qilish;

– o‘zini, boshqalarni va tabiatni qabul qilish;

– spontanlik (qanday bo‘lsa, shunday) qabul qilish;

– muammoga yo‘nalganlik;

– yolg‘izlik ehtiyoji;

– idrokning sofligi;

– yuqori darajadagi his-tuyg‘ular;

– insonlar bilan umumiylik hissi;

– o‘zaro munosabatlar;

– demokratiklik;

– maqsad va vositalarni farqlash;

– yumor hissi;

– madaniylashtirishga qarshilik ko‘rsatish;

– kreativlik (ijodkorlik).

O‘qituvchiga xos bo‘lgan muhim sifatlardan biri har doim biror narsani o‘ylab topishga intilish, tinglovchilarni ham shunga undashdir.

Pedagogik faoliyat, hayotda yuzaga keladigan har qanday vaziyatda kasbiy-shaxsiy o‘sishga olib keladigan holatni tanlash, ijodkorlik xususiyatlarini saqlashga intilish ham zamon bilan hamnafaslikni anglatadi. Pedagogik ijodkorlik barcha sifatlarning uyg‘unligi bo‘lib, pedagogik qobiliyatlarning asosiy ko‘rsatkichi, shaxsning to‘liq namoyon bo‘lishi natijasidir.

Ta’lim mazmunini takomillashtirish jarayonida o‘qituvchiga xos bo‘lgan yuqoridagi xususiyatlarni inobatga olish kutilgan natijani beradi. Shu bilan birga, bugun o‘qituvchining kasbiy mahoratini nafaqat tashqi omillar ta’sirida takomillashtirish, balki uning o‘zini rivojlantirishi uchun sharoit va motivatsiya yaratish, ichki intilishlariga asoslanishi muhimdir. Buning uchun   har bir pedagoglarga  quyidagi  jadvalni to‘ldirish tavsiya etiladi.

Amaliyotda erishgan yutuqlar Duch kelgan muammolar Muammoning yechimi Takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar
Pedagogik jamoa meni qo‘llab-quvvatladi Tinglovchilarning faolligi sust bo‘ldi O‘qituvchilarni jadval asosida kichik guruhlarda o‘qitish Ilg‘or o‘qituvchilarni namunali darslari video tasmalarini kiritish

Tinglovchilarning faolligini oshirish yuzasidan malaka oshirish instituti o‘qituvchisi o‘z oldiga vazifa belgilashi va ana shu vazifani bajarish uchun izlanishi, zamonaviy texnologiyaning turlaridan foydalanib, tinglovchining faolligini oshirishi zarur.  Ya’ni:

– dars jarayonini yaxshi tashkil etishga qulay muhit yaratish;

– o‘zaro fikr (axborot) almashishiga imkon berish;

– yechimini kutayotgan muammolarni hamjihatlikda muhokama etish;

– vaziyatdan chiqishda hamkorlikdan foydalanish;

– olgan axborotlari asosida bilimlarini o‘zaro bir-birlariga namoyish etish;

– bir-birlaridan ilhomlanib, ruhiy qoniqish hosil qilish;

– har bir ishtirokchi  o‘zini ta’lim mazmunini muallifidek his qiluvchi muhit yaratish kabi imkoniyatlar ta’lim mazmunini to‘la o‘zlashtirishga asos bo‘ladi.

“Har kim har kimni o‘qitadi”

Bu metodni  yangi mavzuni o‘rganishda qo‘llash mumkin. Bu metod tinglovchilarga dars jarayonida faol qatnashishlariga  imkon beradi, ularning o‘zlashtirish darajasi ortadi va xotirasi mustahkamlanadi.

O‘tkazish tartibi:

  1. Har bir tinglovchiga dars mavzusiga oid dalil (fakt)lar yozilgan kartochka tarqatiladi.
  2. Bir necha daqiqada tinglovchilar mavzuga doir ma’umotlarni kartochkaga yozadilar. O‘qituvchi tinglovchilar topshiriqni qanday tushunganliklarini kuzatadi.

3.Tinglovchilar to‘plagan ma’lumotlarni o‘zaro muhokama qilishlari taklif etiladi. Mashq har bir tinglovchi o‘z fikrini bildirmaguncha davom etadi.

  1. Vazifa shunday qo‘yiladiki, tinglovchilar yangi ma’lumotlarni bir-biridan bilib oladilar.
  2. Mashqni bajarib bo‘lganlaridan keyin, tinglovchilar bir-biridan nimani o‘rganganliklari so‘raladi. O‘qituvchi javoblarni doskaga yoki qog‘ozga yozib boradi.

Shuningdek, bugun malaka oshirish kursiga kelgan pedagoglarni o‘zaro o‘rganishlaridan, ishtirokchiga aylantirish jarayonida ularning maktabda dars berayotgan fanini boshqa fanlar bilan aloqadorligini ta’minlash, hayot bilan uyg‘unlashtirishda ishtirokchi sifatida bir-birlarining tajribasi, bilim salohiyatidan foydalangan holda malakasi oshib boradi. Shuningdek,  har bir fan o‘qituvchilar malaka oshirish kursi davrida malaka ishlarini zamonaviy texnologiya asosida dars ishlanmalar bankini yaratish, uni muhokama qilish va boyitib borish masallariga qaratayotganligi, zamonaviy dars ishlanmalarini yaratishdagi izlanishlari, metodik tavsiyalar asosida zamonaviy o‘qituvchi sifatida o‘zlarini namoyon etish imkoni berilmoqda.

Malaka oshirish kursiga kelgan har bir tinglovchi o‘z oldiga “Nimani bilar edim-u, yana nimalarni o‘rganishim kerak?” degan shior bilan o‘qish, izlanish va ijodkorona yondashish jarayonida  o‘z malakasini har tomonlama  oshirish kerakligi yuzasidan bir qator  ijodiy ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada tinglovchilarning   zamonaviy o‘qituvchi sifatlari takomillashishga  erishildi.

Bugungi o‘z ustida ishlash jarayonida nafaqat kitob o‘qish, ko‘rgazmali qurollar tayyorlash, konspekt yozish, balki kompyuter texnologiyasi, asosida elektron dars ishlanmalari tayyorlash va  videoproektor yordamida dars o‘ta olish malakasiga ega bo‘lishni talab etmoqda.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturi zamonaviy pedagog javob berishi kerak bo‘lgan talablar kompleksini belgilaydi. Quyidagilar mutaxassislarning pedagogik ishga tayyorlanganligining zarur va yetarli darajasini ta’minlaydigan asosiy talablar hisoblanadi:

   – pedagog mahorati;

   – o‘qitish mahorati;

   – tarbiyalash mahorati;

   – o‘quv tarbiya jarayonida gumanitar omilni ta’minlaydigan shaxsiy sifatlar;

– ta’lim oluvchilarning bilimlarini xolisona nazorat qilish va baholash mahorati.

O‘qitish (dars berish )mahorati quyidagi talablar bilan belgilanadi:

–  kasbiy layoqat va eruditsiya;

–  psixologik-pedagogik tayyorgarlik;

–  ta’lim oluvchilarni mustaqil fikrlashga va yangi bilimlar olishga o‘rgatish mahorati;

–  o‘quv adabiyotlari shakllari va turlarini bilish;

–  ilmiy-pedagogik ijodiyot metodologiyasini bilish;

– pedagogika fani va sohasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini bilish;

– predmetlararo aloqalarda foydalanish mahorati;

– ritorika va notiqlik san’ati asoslarini bilish;

– bola xuquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani, “Ta’lim to‘g‘risida” va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi qonunlarni, uzluksiz ta’lim tizimini asosiy atamalari va tushunchalarini bilish.

Tarbiyalash mahorati o‘qitish va tarbiyalash jarayoning bog‘liqligi, uning uyg‘un rivojlangan shaxsni shakllantirishga, ulardan yuksak madaniy va ma’naviy saviyani qaror toptirishga, pedagogning vatanparvarlik, obro‘ va burchni his etishga, keng gumanitar va gumanistik tayyorligiga, shuningdek, o‘quvchilar o‘rtasida tarbiyaviy ishlarni tashkil etishni amaliy ko‘nikmalariga asoslanadi.

Pedagogning o‘quv-tarbiyaviy jarayonidagi gumanitar omilni belgilaydigan shaxsiy sifatlarga   quyidagilar kiradi:

Talabchanlik, haqqoniylik, halollik, mehribonlik, xushmuomalalik. Ushbu sifatalar pedagogning ta’lim oluvchilar uchun ahamiyatini belgilashi kerak. Shaxsiy sifatlar o‘qitish (dars berish) va tarbiyalash mahoratiga ta’sir ko‘rsatadi.

Ta’lim oluvchining bilimlarini xolisona nazorat qilish va baholash mahorati  psixologik-pedagogik jihatdan o‘qitish (dars berish)  va tarbiyalash mahorati bilan uzviy bog‘liqdir. Pedagog ta’lim oluvchilarning bilimlari va mahoratlarini xolisona baholash prinsiplari, metodlari va mexanizmlarini bilish, standartlashtirilgan testlarni ishlab chiqish, ta’lim oluvchilarni o‘zlashtirishlarini nazorat qilishning turli shakllarini samarali qo‘llash mahoratiga ega bo‘lish kerak.

Xulosa qilib shuni aytish kerakki, malaka oshirish tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan  pedagoglar o‘zida zamonaviy o‘qituvchi qiyofasini yaratib, ta’lim sifati va samaradorligiga erishishda katta ahamiyatga ega ekanligini unutmaslik lozim.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi. 1997- yil.
  2. Yo‘ldashev J.G‘. Malaka oshirishning nazariy va metodologik asoslari: –T.: “O‘qituvchi”, 1998. – 208 b.
  3. Yo‘ldashev J.G‘. Malaka oshirish-ta’lim-tarbiya omili. – T.:1993. –136 b.
  4. Turg‘unboeva K., Ortiqova M. Pedagogik innovatsiya asoslari. (o‘quv qo‘llanma)
  5. O‘zbekiston qahramoni G‘opirov K. “Siz murabbiy”, bo‘lajak va yosh o‘qituvchi hamda tarbiyachilar uchun estaliklar.
  6. Malik T. M-21 Tallangan asarlar: “Xusni xulq” –T.: “Sharq”, 2010. –704 b.
  7. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “Maktabgacha ta’limini rivojlantirish” loyihasi, 2 komponent. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilarining metodik guruhlarini o‘qitish uchun seminar modullari.1-modul: Ta’limni rivojlantirishdagi o‘zgarishlar., –T., 2010
  8. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “Maktabgacha ta’limini rivojlantirish” loyixasi, 2 komponent. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilarining metodik guruxlarini o‘qitish uchun seminar modullari. 3-modul: O‘quvchi shaxsini rivojlantirishga yo‘naltirilgan ta’lim., –T., 2010.
  9. Mardonov Sh.Q, Xodjayev B.X, Almatov T.A. O‘qituvchilar malakasini oshirishning innovattsion-qadriyatli yo‘nalishlari. – T., 2013.

Leave a Reply